Multimedia
umumta'lim dasturlarini
rivojlantirish markazi
 Uzb     Rus     Eng   
 
 
Masofaviy ta'lim
O'qishga arziydi

  Ishonch telefoni xalq xizmatida
Do'stiga yuborish Do'stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

Mustaqillik yillari mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning jonkuyarligi va tashabbuskorligi bilan adolatli va huquqiy demokratik jamiyat barpo etish, inson manfaatlari ustuvorligini ta'minlashga katta e'tibor qaratib kelindi. Jamiyatda ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash, fuqarolarning qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida 2014yil 5-mayda O'zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi to'g'risida”gi, 2014-yil 3-dekabrda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi qonunlari qabul qilindi. Izchillik bilan olib borilayotgan islohotlar natijasi mamlakat aholisining huquqiy madaniyati yuksalib, o'z burch va majburiyatlarini, haq-huquqlarini chuqur anglab yetayotganida ham namoyon bo'lmoqda. So'nggi vaqtlarda Xalq ta'limi vazirligiga o'qituvchi-pedagoglar, ota-onalar va boshqa fuqarolardan kelayotgan murojaatlar oqimi ortgani ham shundan dalolatdir. Eng muhimi, joylardan tushayotgan turli mazmundagi murojaatlarning har biri e'tiborga olinib, ularda ko'tarilayotgan muammolarga o'z vaqtida ijobiy yechim topilayotgani aholining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga hamda kelajakka bo'lgan ishonchini oshirmoqda.

Vazirlikning internet tarmog'idagi rasmiy saytida (www.uzedu.uz) vazirlik rahbariyati, shaxsan Xalq ta'limi vaziriga savol bilan murojaat qilish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, vazir va vazir o'rinbosarlari tomonidan hududlarda muntazam ravishda “Sayyor qabul kunlari” tashkil etib kelinmoqda. Barcha hududiy xalq ta'limi boshqaruvi idoralarida “ishonch telefoni”, “ishonch qutisi” kabi jamoatchilik fikrini o'rganish vositalari faoliyati yo'lga qo'yilgan. Bundan tashqari, joriy yilning 16 yanvarida www.uzedu.uz sayti orqali Xalq ta'limi vaziri bilan onlayn muloqot o'tkazilib, fuqarolardan kelib tushgan yuzdan ortiq savollarga javob qaytarildi.

Fuqarolarga xalq ta'limi tizimiga oid taklif, ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilish hamda vazirlik mutasaddilaridan tezkor javob olish imkoniyatini yaratish maqsadida 2015-yilning 1-iyulidan boshlab 10-06 qisqa raqamli “ishonch telefoni” ishga tushirildi.

Raqamlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, 2016-yilning o'tgan davri mobaynida Xalq ta'limi vazirligiga yuqoridagi vositalar orqali fuqarolardan 1847 ta ariza, shikoyat va takliflar kelib tushdi. Bu murojaatlarning barchasi o'rnatilgan tartibda ko'rib chiqilib, ularda ko'tarilgan masalalar qonuniy yechimini topmoqda.

Yaqinda O'zbekiston hukumati portalida Bosh vazirning virtual qabulxonasi (pm.gov.uz) ochilgani ham, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga hukumat darajasida e'tibor qaratilayotganining yaqqol dalilidir. Bosh vazir virtual qabulxonasi orqali vazirlikka jo'natilgan ariza va shikoyatlar soni 300 dan ortiq. Murojaatlar o'rnatilgan tartibda qonuniy jihatdan ko'rib chiqilib, tegishli javoblar berilmoqda.

….2016-yil 8-sentabr kuni Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi 7-umumiy o'rta ta'lim maktabining ingliz tili fani o'qituvchisi O.Ahmedova oylik maoshiga qonuniy 30 foizlik ustama qo'shib berilmayotgani yuzasidan shikoyat bilan murojaat qilgan. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o'rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, chet tili o'qituvchilari Davlat test markazining test sinovlaridan muvaffaqiyatli o'tib, sertifikat olgan taqdirda, ularning oylik ish haqiga qishloq joylarda 30 foizgacha ustama pullari qo'shib berilishi belgilangan. Aniqlanishicha, maktab ma'muriyati tomonidan O.Ahmedovaning 30 foizlik ustama olishiga asos bo'ladigan hujjatlar tarifikatsiya uchun tuman moliya bo'limiga topshirilganda ham moliya bo'limi iqtisodchisi tomonidan rad etilgan. Olib borilgan tezkor o'rganishlar natijasida O.Ahmedovaning qonuniy huquqlari tiklandi, unga 2016-yilning mart oyidan boshlab ustama pullari to'lab berildi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Ellikqal'a tumanidagi “Sharq yulduzi” ovul fuqarolar yig'inida yashovchi Muhammadjon Ollabergenovning jismoniy imkoniyatlari cheklangan o'g'li Botirga uyda yakka tartibda ta'lim berish lozimligi belgilangan. Biroq mutasaddilarning mas'uliyatsizligi tufayli darslar o'z vaqtida o'tilmasdan, qolib ketaverishi oqibatida bolaning ta'lim olishga bo'lgan qonuniy huquqlari buzilgan. Tumandagi sansalorlikdan bezib qolgan M.Ollabergenov shu yilning 8-sentabr kuni umid bilan Xalq ta'limi vazirligining “ishonch telefoni”ga murojaat qiladi. Olib borilgan tekshiruv ishlari natijasida uyda yakka tartibda ta'lim berishni to'g'ri tashkil etmagani uchun hududdagi 35-umumiy o'rta ta'lim maktabi direktori I.Jumaniyazovaga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo'llanildi. Botirning tengqurlari qatori sifatli ta'lim olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi, zaruriy o'quv jihozlari va adabiyotlari yetkazib berildi.

Aytish joizki, hududning o'zida hal etilishi lozim bo'lgan bu kabi masalalarning quyida hal bo'lmasdan Xalq ta'limi vazirligiga qadar yetib kelishi ko'p hollarda joylardagi mas'ul shaxslar, maktab direktorlari, xalq ta'limi tizimi tuman, viloyat idoralari rahbarlarining o'z lavozim majburiyatlarini to'liq his etmayotgani, yosh avlod ta'lim-tarbiyasiga e'tiborsizlik bilan qarayotgani oqibatida yuzaga kelmoqda.

Qo'qon shahridagi 27-umumiy o'rta ta'lim maktabining rus tili va adabiyoti fani o'qituvchisi Zinaida Babrovaning joriy yil 9-sentabrda Xalq ta'limi vazirligiga qilgan murojaati kishini uyga toldiradi. O.Babrovaning ta'kidlashicha, direktorning beparvoligi sabab maktabda o'z darsini ko'ngildagidek o'tish uchun oddiy shart-sharoit yaratilmagan, fan xonasi ajratilmagan.

Mutaxassislar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilib, muammo hal qilindi. Z.Babrovaga alohida sinfxona va 20 soat dars ajratildi. Bugun muallima zo'r ishtiyoq bilan o'quvchilarga dars o'tmoqda. Oddiy o'qituvchilarni qiynayotgan bunday muammolarning tezkor ravishda hal etilayotgani pedagoglarga o'ziga xos ishonch va rag'bat bo'lib, ularni yanada samarali faoliyat yuritishga, yosh avlodga puxta bilim berishga undamoqda.

Ma'lumki, o'quv-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirishda darslik va o'quv adabiyotlarining o'rni katta. Shu bois mamlakatimizda mustaqillik yillarida o'quvchilarni mazmun hamda shakl jihatdan yangi darsliklar bilan ta'minlashga ustuvor vazifa sifatida qarab kelinmoqda. Davlatimiz tomonidan yaratilgan shunday katta imkoniyatdan ko'zlangan maqsadni, o'quv jarayonida darsliklarning ahamiyati qanchalik muhim ekanini anglamagan yoki bu ishga mas'uliyatsizlik bilan yondashgan ayrim maktab rahbarlari, kutubxonachilari darsliklar uchun talabnomalarni o'z vaqtida hamda to'g'ri shakllantirmagani oqibatida o'quvchilar o'rtasida darsliklar yetishmovchiligi yuzaga kelmoqda. Bu esa o'qituvchilar, o'quvchilar hamda ota-onalarning haqli e'tiroziga sabab bo'lmoqda. Mirzaobodlik Nodirbek Jumayevlar oilasi ham o'z murojaatida xuddi shunday muammoni ko'targan.

— Qizim Nozima tumandagi ingliz tilini chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internatining 6-sinfida o'qiydi, — deydi N.Jumayev. — Maktab tomonidan talabnoma noto'g'ri berilgani sababli qizimga darsliklar yetmay qoldi. Maktab rahbariga bir necha bor murojaat qilsam ham masalani ijobiy hal etmadi. Qizim “Kitob topib bering!” deya har kuni holi-jonimga qo'ymay yurgan kezlari televizor orqali Xalq ta'limi vazirligining “ishonch telefoni”ni e'lon qilindi. So'nggi umid sifatida shu yil 15-sentabr kuni vazirlikka qo'ng'iroq qildim. Natijada qizim 6-sinf uchun darsliklar to'plami bilan to'liq ta'minlandi. Farzandimning barcha qatori sifatli bilim olishi uchun zarur o'quv adabiyotlari bilan ta'minlanganidan mamnunman.

Chirchiqlik Istora Yusupova farzandini shahardagi 31-maktabgacha ta'lim muassasasiga joylashtirish maqsadida Chirchiq shahar xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo'limiga murojaat qiladi va yo'llanma oladi. Biroq 31-MTM mudirasi turli bahonalar bilan bolani qabul qilishni paysalga soladi. Muassasaga qatnayverishdan charchagan I.Yusupova vazirlik “ishonch telefoni”ga qo'ng'iroq qiladi. Masala tezda o'rganib chiqilib, fuqaroning qonuniy huquqlari tiklandi: I.Yusupovaning farzandi bugun 31-maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyalanmoqda.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi Mirzo Ulug'bek mahallasida yashovchi fuqaro Mavluda Mahmarajabova tumandagi 71-umumiy o'rta ta'lim maktabining axborot-resurs markazida ishlab, shu yilning may oyida tug'ruq ta'tiliga chiqadi. Ammo oradan ikki oy o'tsa-da, homiladorlik va tug'ish nafaqasidan darak bo'lmagach, M.Mahmarajabova qonuniy huquqini talab qilib, maktab rahbariga uchrasa, u hisobchiga, hisobchiga borsa, u tuman moliya bo'limiga, tuman moliya bo'limi esa uni yana maktabga jo'natadi. Xullas, M.Mahmarajabova oylar davomida tashkilotlar o'rtasida sarson bo'lib, mutasaddilarning “otangga bor, onangga bor” qabilidagi javoblaridan bezib yurgan payti vazirlik “ishonch telefoni” haqida eshitib qoladi.

2016-yil 19-sentabr kuni fuqaro M.Mahmarajabovaning homiladorlik va tug'ish nafaqasini ololmayotgani haqidagi murojaati “ishonch telefoni” orqali qayd etildi va qisqa muddat ichida o'rganib chiqilib, shu yilning 23-sentabr kuni M.Mahmarajabovaning bank plastik kartochkasiga tegishli pul mablag'i (ikki million bir yuz ellik bir ming sakkiz yuz o'n bir so'm) o'tkazib berildi.

Moliyaviy ta'minot bilan bog'liq shunga o'xshash holat samarqandlik Oxunjon Xo'jaqulov bilan ham sodir bo'ladi. Samarqand shahridagi 66-umumiy o'rta ta'lim maktabi jismoniy tarbiya fani o'qituvchisi O.Xo'jaqulov o'z oylik maoshini Samarqand davlat universitetida to'lov-kontrakt asosida o'qiydigan farzandining o'qishi uchun o'tkazib keladi. Shartnomadagi pul mablag'i shu yilning may oyigacha to'liq to'langan bo'lsa-da, maktab rahbariyati turli bahonalar bilan may va avgust oylari uchun O.Xo'jaqulovga oylik maoshi bermaydi.

O.Xo'jaqulovning murojaatiga asosan vaziyat o'rganilganda, haqiqatan ham fuqaroning oylik maoshi o'z yozma iltimosiga binoan Samarqand davlat universiteti hisob raqamiga o'tkazib kelingan. Biroq may oyida shartnomadagi pul mablag'i to'liq to'langan bo'lsa-da, uning ish haqi oliy o'quv yurti hisob raqamiga o'tkazilavergan. Ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu pul mablag'lari maktab hisob raqamiga qaytarilib, fuqaro O.Xo'jaqulovga may va avgust oyi ish haqi to'lab berildi.

Bunday misollarni yana ko'plab keltirish mumkin. Albatta, bu kabi murojaatlar ortida insonlar taqdiri turganligini, muammolarning avvalo yuzaga kelmasligi, yuzaga kelgan taqdirda o'z vaqtida ularga yechim topish zarurligini chuqur anglagan, sho' yo'lda uyg'oq vijdon bilan faoliyat yuritayotgan rahbar boshqarayotgan jamoada sog'lom muhit, ishchan kayfiyat hamda yuqori natijalar bo'y ko'rsataveradi. Shu ma'noda yoshlar ta'lim-tarbiyasini yuqori darajada tashkil etish, jarayonga to'siq bo'layotgan kamchiliklar, muammolar hamda illatlarga o'z vaqtida barham berish joylarda faoliyat yuritayotgan har bir mas'ul rahbarning birinchi galdagi vazifasi bo'lmog'i zarur. Zero, Birinchi Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “Xalqimiz har qanday qiyinchilik va mashaqqatga bardosh berishi mumkin, hamma narsaga chidashi mumkin, biroq bu xalq adolatsizlikka chiday olmaydi!”.




Manba: Xalq ta'limi vazirligi Axborot xizmati
Maqola sanasi: 18 Oktyabr 2016 11:31


Yangiliklar bolimiga o'tish


Dolzarb
Hamkorlar
Mashhur maqolalar



  © Copyright 2017 O'zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.aci.uz    www.eduportal.uz    www.uzedu.uz    Vulnerability Scanner